INKLYUZIV_TA’LIM
“YILNING ENG FAOL MAXSUS PЕDAGOGI” TANLOVINING VILOYAT BOSQICHI G‘OLIBLARI ANIQLANDI

Yangiyo‘l shahridagi 2-sonli umumta’lim maktabida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining inklyuziv ta’lim sinflarida faoliyat yuritayotgan maxsus pedagoglar o‘rtasida “Yilning eng faol maxsus pedagogi” tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan ilk bora o‘tkazilinayotgan mazkur tanlovning asosiy maqsadi inklyuziv ta’lim sifatini yanada oshirish, maxsus pedagoglarning kasbiy mahorati va salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirishdan iboratdir.

Tanlov jarayonida ishtirokchilar:
-amaliy ochiq korreksion-rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar;
-“Mening pedagogik faoliyatim” mavzusida taqdimot;
-kasbiy bilim va kompetensiyalar bo‘yicha savol-javob shartlari orqali o‘z bilim va tajribalarini namoyon etdilar.

Hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning kasbiy yondashuvi, inklyuziv ta’lim sohasidagi tajribasi, bolalar bilan ishlash mahorati hamda innovatsion yondashuvlari yuqori baholandi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Yangiyo‘l tumanidagi 6-sonli umumta’lim maktabi maxsus pedagogi Madina Xojiyeva mutloq g‘olib deb topildi.
Tanlov g‘olibi va faol ishtirokchilar viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining diplom, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Bunday tanlovlar inklyuziv ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan pedagoglarni rag‘batlantirish, ularning kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish hamda ta’lim sifati samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.